Hind adabiyoti Tanlangan

“Bolalar adabiyotida qanday tendensiyalar kuzatilmoqda va nima uchun bu muhim?” (What’s Trending in Children’s Literature and Why It Matters).

Muallif: Kathy G. Short. 2018 yil 12 bet 6 marta ko'rilgan 3 marta yuklab olingan

Annotatsiya

Kathy G. Shortning “What’s Trending in Children’s Literature and Why It Matters” (“Bolalar adabiyotidagi yangi tendensiyalar va ularning ahamiyati”) nomli maqolasi mazmuni va ilmiy-uslubiy yondashuvi jihatidan adabiy obzor janriga mansubdir. Mazkur obzor bolalar adabiyotidagi zamonaviy jarayonlarni, o‘quvchilar didi va o‘qish odatlaridagi o‘zgarishlarni, nashriyotlar siyosati va global madaniy tendensiyalarni tizimli tarzda tahlil qiladi. Muallif turli ilmiy tadqiqotlar, statistik ma’lumotlar, kitob bozori tahlillari va o‘quvchilar xulqiga oid dalillarni jamlab, ularni solishtiradi va ular asosida xulosalar chiqaradi. Bu jihatlar ushbu maqolaning nazariy tadqiqot emas, balki analitik va tematik adabiy obzor ekanini ko‘rsatadi.
Maqolada asosan ikki yirik yo‘nalish — vizual madaniyatning bolalar adabiyotiga ta’siri va madaniy xilma-xillik aks ettirilishidagi muammolar yoritiladi. Muallif o‘quvchilarning bosma kitoblarga bo‘lgan qiziqishi hanuz yuqori ekanini, grafik roman, vizual hikoya va tasviriy voqelikning kitob dizaynidagi o‘sishini, shuningdek, raqamli va bosma formatlarning raqobat emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi shaklda mavjudligini ko‘rsatadi. Kathy G. Short bolalar adabiyotidagi zamonaviy o‘zgarishlarni tahlil qilar ekan, ayniqsa tasviriy fikrlash va vizual idrokning kuchayganini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, bugungi bolalar raqamli axborot muhitida ulg‘ayayotgani sababli, ular faqat matnga tayanib o‘qimaydi, balki tasvirlar, grafik belgilar, ranglar va dizayn orqali ham ma’no hosil qiladi. Shu bois bolalar adabiyoti ham o‘z shaklini o‘zgartirib bormoqda: kitoblardagi rasm endi faqat bezak emas, balki matn bilan teng darajadagi mazmun tashuvchiga aylangan.
Muallif bolalar rasmga qarab mazmunni tushunishi, voqea rivojini kuzatishi, obrazlarni tasavvur qilishi va hissiy tajriba olishini ilmiy dalillar bilan asoslaydi. Endi o‘quvchi kitobni o‘qiyotganda bir vaqtning o‘zida o‘qiydi, ko‘radi va his qiladi. Shu sababli grafik romanlar, komikslar, vizual hikoyalar va noyob dizayndagi kitoblar tobora ko‘payib bormoqda. Bunda sahifa tuzilishi, yozuv shakli, ranglarning mosligi ham syujetning bir qismi sifatida ishlaydi.
Shortning ta’kidlashicha, bu jarayon adabiyotning mazmunini soddalashtirmaydi, aksincha, bolalarning qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiradi: ular matnni vizual tasvirlar bilan birlashtirib, murakkab ma’nolarni ham oson anglay oladi. Shunday qilib, zamonaviy bolalar adabiyoti faqat so‘zlar orqali emas, balki tasviriy tafakkur, vizual idrok va multimedia yondashuvi orqali ham o‘qiladigan keng qamrovli madaniy maydonga aylanmoqda. Bu esa bolalarning kreativ fikrlashi, tasavvuri va hissiy-ijodiy ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, muallif bolalar adabiyotida madaniy va etnik xilma-xillikning yetarli darajada namoyon bo‘lmayotgani, ba’zi guruhlar, ayniqsa, rangli bolalar, muhojirlar, milliy ozchiliklar va turli gender identifikatsiyaga ega bolalar aks etishi cheklanganini tanqidiy tahlil etadi. Short bu tendensiyaning ijtimoiy oqibatlarini, bolalar o‘z obrazini adabiyotda ko‘rmaganda, o‘zini qadrsiz his qilish ehtimoli borligini ilmiy dalillar bilan ko‘rsatadi. Shu o‘rinda muallif adabiyotning faqat badiiy vosita emas, balki ijtimoiy ongni shakllantiruvchi kuch ekaniga urg‘u beradi.
Maqola o‘qituvchilar, kitobxonlar, bolalar bilan ishlovchi metodistlar va adabiyotshunoslar uchun muhim metodologik yo‘nalish beradi. Chunki unda nafaqat mavjud adabiy jarayonlar yoritiladi, balki ularni talqin qilishda qanday kritik yondashuvlar zarurligi ham ko‘rsatiladi. Bu yondashuvlar bolalar adabiyotini faqat o‘qitish vositasi sifatida emas, balki ijtimoiy-tarbiyaviy va madaniy ahamiyatga ega murakkab fenomen sifatida talqin qilishga yordam beradi.
Xulosa qilib aytganda, Kathy G. Shortning ushbu maqolasi tematik-analitik, ta’limiy-tadqiqiy ko‘lamga ega adabiy obzor bo‘lib, bolalar adabiyotidagi zamonaviy tendensiyalarni chuqur yoritadi, ilmiy faktlar bilan mustahkamlaydi va adabiy jarayonlar, ijtimoiy ong va kitob bozorining o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi. Shu bois, bu asar nafaqat ilmiy adabiyot, balki zamonaviy adabiy obzor janrining yorqin namunalaridan biri sifatida baholanishi mumkin.
Kathy G. Shortning mazkur adabiy obzorida adabiy tahlilning asosiy talablarini bajargan holda bolalar adabiyotidagi yangilanishlar, vizual madaniyat va xilma-xillik masalalarini keng qamrovda o‘rganadi. Shu bilan birga, matnda adabiy obzor janriga xos bo‘lmagan ayrim jihatlar ham kuzatiladi. Bular avvalo muallifning pedagogik yo‘nalishda ko‘p tavsiyalar berishi, ya’ni o‘qituvchilarga metodik yo‘riqnomalar, amaliy maslahatlar taqdim etishi bilan bog‘liq. Klassik adabiy obzor odatda asarlardagi badiiy jarayon, janr, obrazlar va uslubiy o‘zgarishlarni tahlil qiladi, ammo Short ba’zi o‘rinlarda asarlar kompozitsiyasi va poetikasidan ko‘ra, ularni dars jarayonida qanday qo‘llash mumkinligini yoritadi. Bu esa matnga adabiy-pedagogik maqola tusini beradi.
Bundan tashqari, obzorda nashriyot bozori, sotuv statistikasi, o‘quvchilar kitob xarid odatlari, kitob sanoatidagi iqtisodiy omillar ham keng yoritilgan. Bu jarayon adabiy jarayon tahlilidan tijoratiy jarayonlar sharhiga ham o‘tadi. Yana bir jihat shundaki, muallif ayrim hayotiy kuzatuvlar va shaxsiy tajribalariga murojaat qiladi: bolalar bilan ishlash tajribasi, adabiyot markazi faoliyati va o‘qituvchilar bilan muloqot natijalari kabi. Bu o‘rinlar ilmiy obzorning ob’ektivligidan ko‘ra, muallifning amaliy tajribasiga tayangandek tuyuladi.
Xulosa qilib aytganda, Shortning matni adabiy obzor janri mezonlariga tayanadi, ammo unda metodik tavsiyalar, pedagogik yondashuvlar va bozor tahliliga oid ma’lumotlar mavjudligi sababli, u klassik adabiy obzordan ko‘ra adabiy-pedagogik tadqiqot ko‘rinishini oladi. Bu jihatlar adabiy obzor janriga xos bo‘lmagan bo‘lsa-da, mazmunning boyishi va mavzuning turli nuqtai nazardan ochilishiga xizmat qiladi.